Yangiliklar Qaysi taʼlim dargohlari hujjatlari Oʻzbekistonda sinovlarsiz tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi?

Qaysi taʼlim dargohlari hujjatlari Oʻzbekistonda sinovlarsiz tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi?

14
0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2019 yil 1 martdan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi joriy etilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maʼlumotlariga koʻra, qarorda xorijiy davlatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish tartibi mamlakatimiz hududida filiallari va qoʻshma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri, maxsus sinovlarsiz tan olish va nostrifikatsiya qilish belgilandi.

Shuningdek, Davlat inspeksiyasi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining qoʻshma qarori bilan roʻyxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning, xususan, “Quacquarelli Symonds World University Rankings“, “Times Higher Education“, “Academic Ranking of World Universities“ reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 oʻrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning;

tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining yoʻllanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;

1992 yil 1 yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan fuqarolarning;

Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Higher Education) toʻlaqonli aʼzolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning;

Amerika Qoʻshma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning;

xorijiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri, maxsus sinovlarsiz tan olish va nostrifikatsiya qilish nazarda tutilgan.