Yangiliklar Taʼlimga eʼtibor – kelajakka eʼtibor

Taʼlimga eʼtibor – kelajakka eʼtibor

23
0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga 2018 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnomasini xalqimiz katta qiziqish va hayajon bilan kutib oldi.

Biz, yoshlar ham Prezidentimizning Murojaatnomasini diqqat bilan tingladik. Oʻtayotgan yil mobaynida Vatanimiz ravnaqi yoʻlida qilingan ishlar hammamizda yuksak gʻurur uygʻotadi. Shu bilan birga, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, hozir koʻkrakka urib maqtanish davri emas. Xalqimiz oldida turgan ishlar haqida chuqur oʻylashi kerak.

Murojaatnomada sohalar kesimida bajarilishi kerak boʻlgan ustuvor vazifalarning aniq koʻrsatkichlari aks etgan.

Har doim har bir mamlakat uchun mutaxassislar tayyorlash, yetuk kadrlarni voyaga yetkazish muhim vazifalardan biri sifatida qaralgan. Shu bois ham oliy taʼlim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratish, pedagog kadrlarga eʼtibor berish, mutaxassislar tayyorlashni kuchaytirish muhim. Buni davlatimiz rahbari alohida taʼkidladi.

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi oʻtgan davrda 9-10 foiz boʻlgan. Soʻnggi ikki yilda koʻrilgan chora-tadbirlar samarasida bu koʻrsatkich 15 foizdan oshgan. Lekin dunyodagi rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan boʻlsak, bu koʻrsatkich ularda 60-70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun 2019 yilda mamlakatimizda bu raqamni 20 foizga yetkazish, kelgusi yillarda bu boradagi ishlarni yanada izchil oshirish muhim vazifadir.

Prezidentimiz mamlakatimizdagi birorta universitet dunyo tan olgan oliy oʻquv yurtlari qatoriga kirmaganini afsus bilan aytdi. Bu jonajon Oʻzbekistonning baxtli yoshlari vakili sifatida meni juda ranjitdi.

Oliy oʻquv yurtlari nufuzini yanada oshirish, nodavlat taʼlim maskanlari sonini koʻpaytirib, sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va raqobatni kuchaytirish soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarga bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirish imkoniyatini berish tashabbusining amaliyotga tatbiq etilishi, ularning taʼlim olish huquqini kengaytirishga xizmat qiladi.

Murojaatnomada oliy taʼlim muassasalariga, real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish belgilandi. Taʼlim berish va ilmiy faoliyatni amalga oshirishda universitet va institutlarning mustaqilligini kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Oliy maʼlumotga ega, yuksak malakali mutaxassislar qancha koʻp boʻlsa, rivojlanish shuncha tez va samarali boʻladi. Bakalavriat yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda oʻqishni davom ettirish imkoniyati yanada kengaytirish choralari koʻriladi. Yoshlar jahonning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida oʻqishni davom ettirib, yetuk kadr boʻlib, yurtimiz rivojiga hissa qoʻshishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimiz Murojaatnomada barcha sohalarni rivojlantirish, biz yoshlarga zarur imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishga alohida eʼtibor qaratdi. Bu maqsadlarni toʻliq va samarali amalga oshirish uchun tegishli huquqiy asos va mexanizmlarni yaratish zarurligini taʼkidladi. Jumladan, bu borada barcha rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.

“Ogʻir yil kutib turibdi. Qilsak boʻladi, lekin xalqimiz taʼbiri bilan aytganda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, tanlagan yoʻlimizdan qaytmasligimiz shart. Nega deganda hayotda hech narsa oʻz oʻzidan boʻlmaydi. Oʻzimiz harakat qilmasak, hech kim bizga begʻaraz yordam bermaydi. Bugun gap xalqimiz, vatanimiz, bolalarimiz kelajagi haqida bormoqda. Barchamiz belimizni mahkam bogʻlab ishlashimiz, barcha tajribamizni vatanimizga safarbar etishimiz kerak. Oʻzimiz oʻzimizga xiyonat qilmasligimiz kerak, oʻzimiz oʻzimizni aldamasak, halol ishlasak, oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarga albatta yetamiz”, deya soʻzini yakunladi Prezident.

Biz, yoshlar ham Prezidentimizning mazkur daʼvati va koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligiga javoban, namunali xulqimiz, bilim va tafakkurimiz, istiqbolli gʻoya va tashabbuslarimiz bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmogʻimiz darkor. Zero, yoshlar – buyuk Oʻzbekistonning kelajagidir.

Madinabonu Nasriyeva