Yangiliklar Endi sudning hal qiluv qarorlari internetga joylashtiriladi

Endi sudning hal qiluv qarorlari internetga joylashtiriladi

10
0

2019 yil 6 fevralь kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

 

Majlis avvalida deputatlar “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Doing business” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildilar.

 

Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan ushbu loyihaga binoan, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud muhokamalarida oshkoralikni ta’minlash maqsadida Iqtisodiy protsessual kodeksiga sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlarini (yopiq sud majlislarida chiqarilgan hal qiluv qarorlari bundan mustasno) taraflarning roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shartligiga doir normalar kiritilmoqda.

 

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sud muhokamalarida oshkoralik uni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish, onlayn tarzida ham uzatish hamda audio yoki videoyozuvga olish yo‘li bilan ta’minlanmoqda. Sud muhokamalarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashdagi keyingi qadam esa, sudning hal qiluv qarorlarini internet tarmog‘ida, shu jumladan, Oliy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilish hisoblanadi.

 

SHuningdek, mazkur qonun loyihasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga iqtisodiy sudlar tomonidan da’vo summasi kam miqdorda bo‘lgan nizolarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish to‘g‘risidagi normalar kiritishni ham nazarda tutadi. Unga ko‘ra, soliq to‘lovchining soliq qarzini uning mol-mulkiga qaratish talabi bo‘yicha, agar da’vo summasi yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmagan miqdorda bo‘lsa, da’vo ariza bo‘yicha ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rishni belgilash taklif qilinmoqda.

 

Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida loyihaning taklif etilgan nomi o‘zgartirildi, 4 ta yangi norma kiritildi, 3 ta norma chiqarib tashlandi. Muhokamalar davomida loyihaning deyarli barcha normasi tahririy tuzatildi.

 

Deputatlarning fikricha, qonunchilikka kiritilayotgan bu kabi yangiliklar sud ishlarini yuritish tizimiga soddalashtirilgan tartib-taomillarni joriy qilish, ishlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish, muayyan turdagi nizolar bo‘yicha hal qiluv qarorlarini kuzatib borish imkonini beradi. Eng muhimi, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

 

Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohadagi islohotlarni amalga oshirishda parlament va hukumatning o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutadi. SHundan kelib chiqib, parlamentda qabul qilinayotgan qonunlarning sifatli tayyorlanishi hamda bu borada qonunchilik va ijro hokimiyati o‘rtasidagi masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy qilingan edi.

 

Majlisda deputatlar tomonidan muhokama etilgan muhim masalalardan biri ana shu vakolatli vakil instituti joriy qilinishi munosabati bilan bir qator qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi hisoblanadi.

 

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimining joriy etilishi munosabati bilan, 2018 yilning 23 iyulida “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritilgan. Ushbu qonun Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakilining huquqiy maqomini qonun darajasida mustahkamlashga, hukumatning parlament palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, uning qonun ijodkorligi jarayonida samarali ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

 

SHundan kelib chiqib, mazkur loyiha bilan parlament faoliyatini tartibga soluvchi boshqa bir qator qonun hujjatlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda.

 

Deputatlarning qizg‘in muhokamasidan o‘tgan navbatdagi masala esa, “Xalqaro mehnat tashkilotining Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-son konvensiyasini (Jeneva, 1976 yil 21 iyunь) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

 

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga binoan ishlab chiqilgan.

 

Muhokamalar chog‘ida aytib o‘tilganidek, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 144-son konvensiyasi tadbirkorlar va mehnat qiluvchilarning erkin, mustaqil tashkilotlar tashkil etishga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlovchi XMT konvensiyalari, xususan, O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan 87-son va 98-son konvensiyalar qoidalaridan kelib chiqadi. Uning maqsadi XMT faoliyatiga oid masalalar, jumladan, mazkur tashkilotning konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularni qo‘llash maqsadida vakolatli davlat organi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar xususida mazkur organ tarafidan XMTga yillik ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan davlat hokimiyati organlari, tadbirkorlar hamda mehnat qiluvchilar vakillari o‘rtasida milliy darajadagi uch tomonlama maslahatlashuvlar samaradorligini ta’minlashdan iborat.

 

139 ta davlat, xususan, Armaniston, Belarusь, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi MDH mamlakatlari qo‘shilgan mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xalqaro mehnat standartlarini milliy qonun hujjatlariga joriy etishga, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga ko‘maklashadi.

 

SHundan so‘ng deputatlar “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

 

Ta’kidlash joizki, mazkur qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, bepushtlikning oldini olish va davolash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutadi. Loyihada sog‘lom oilani shakllantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalanish, ayollarning reproduktiv salomatligini ta’minlashda ularni homilador bo‘lgunga qadar, homiladorlik paytida, tug‘ish va tug‘ishdan keyingi davrda davolashning zamonaviy uslublarini qo‘llash kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.

 

Muhokamalar chog‘ida qayd etilganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning reproduktiv huquqlarini ta’minlashga, bepushtlikni samarali davolash, fuqarolarning ota-ona bo‘lishiga, oilada baxt va farovonlikka erishishiga poydevor yaratadi. Fuqarolarga yuqori texnologiyalarga asoslangan sifatli va yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshiradi, shuningdek, xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi. Eng muhimi, mamlakatimizning barqaror rivojlanishida muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etgan oila mustahkamligini ta’minlashga yordam beradi.

 

Qizg‘in bahs-munozara, muhokama va tortishuvlardan so‘ng qonun loyihalari qabul qilindi.

 

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati